Bangladeshning janubi-sharqiy chekkasi, Koks-Bazar. Bambuk va brezentdan yasalgan kulba, bir “ta’lim markazi”. Musson yomg‘iri tomni savalamoqda. Ichkarida bir bola, boshini eggancha, qandaydir darsni baland ovozda takrorlayapti. Dars birma tilida. Bola o‘qiyotgan o‘quv dasturining nomi Myanma ta’lim dasturi. Ya’ni bola o‘z oilasini qatl etgan, qishlog‘ini yoqib yuborgan, uni “yo‘q” deb e’lon qilgan davlatning tilini, o‘sha davlatning o‘quv dasturidan o‘rganyapti, qachondir u yerga “qaytib borish” uchun. Oldidagi daftar yangi emas. Uning sahifalari o‘tgan yili boshqa bir bola tomonidan to‘ldirilgan. Bu bola esa, to‘lib qolgan satrlar orasiga, sahifa chetidagi bo‘shliqlarga yozyapti. Unga dars berayotgan o‘qituvchining maoshi o‘tgan yilning iyun oyidan to‘xtatilgan, ammo u baribir kelyapti, tekinga. Va eng og‘ir tafsilot shuki, bu bola Myanmani umuman ko‘rmagan. U mana shu lagerda tug‘ilgan. U “qaytib boradigan” vatan, hayotida biror marta ham qadam bosmagan joyidir.
Savol oddiy va tubsiz. Dunyo “sen yo‘qsan” deb qaror chiqargan bir bolaga maktab nimaga kerak? Avvalo bu “yo‘q” so‘zini anglab olish kerak. Rohinjalar Myanmaning Arakan mintaqasida asrlar davomida yashab kelayotgan musulmon xalqdir. 1982-yilda bir qonun chiqdi. Mamlakat tan olgan 135 etnik guruhdan iborat ro‘yxatga rohinjalar kiritilmadi. Bitta ma’muriy harakat bilan butun boshli xalq vatansiz qoldi. Vatansizlikning huquqiy ta’rifi shunday. O‘z qonunlariga muvofiq, hech bir davlat tomonidan fuqaro deb hisoblanmaydigan shaxs. Hech bir davlat. Dunyo xaritasi boshdan oyoq davlatlarga bo‘lingan. Huquqlar o‘sha davlatlarga a’zo bo‘lish orqali yuzaga keladi. A’zo bo‘lmasang doiradan butunlay tashqariga chiqib qolasan.
Xanna Arendt buni yarim asr oldin bitta jumlaga sig‘dirgan edi. Insonning eng asosiy huquqi, “huquqlarga ega bo‘lish huquqi”dir. Ya’ni qandaydir bir jamoaga mansub bo‘lish, ovozi inobatga olinadigan biror joyda ro‘yxatda turish huquqi. Uni yo‘qotgach, boshqa barcha huquqlar shunchaki qog‘ozda qolib ketadi. Bugun zamonaviy siyosatning yashirin markazida lager mavjud. Inson faqatgina “yalang‘och hayot”ga, boshqacha qilib aytganda shunchaki nafas olayotgan bir tanaga tushirib qo‘yilgan joy. Qochqin, milliy-davlatning “millat-hudud-davlat” uchligini parchalab tashlaydigan figuradir. U tizimning sarhadini, aynan o‘sha chegaradan tashqariga tushib qolgani uchun ham, yalang‘och holda ko‘rsatib beradi. Koks-Bazar mana shu nazariyaning aniq ifodasidir. Bir yarim million inson, yarmi bolalar, ko‘pchiligi aynan o‘sha yerda, vatansizlikning ichida tug‘ilgan.
Ammo bu bolalarning holatida nazariyaning o‘zi ham oldindan ko‘ra bilmagan shafqatsizlik bor. Ular Myanma o‘quv dasturini o‘rganyaptilar. Buning mantig‘i shunday, qachondir “xavfsiz va sharafli” qaytish ro‘y bersa, bolalar o‘sha mamlakat tizimiga tayyor bo‘lsin. Ya’ni qirg‘indan qochgan xalq o‘z bolalariga qotilning tilini o‘rgatyapti, qaytish umidida. Zero umid, mantiq tugagan joyda ham bir nihol eka oladi.
Bu o‘rinda, ushbu xalqning o‘z an’anasiga qaytish kerak, chunki og‘riqning o‘lchovi aynan o‘sha yerdadir. Islomning ilk amri urushga chorlov emasdi, zabt etishga chaqiriq emasdi. Ilk nozil bo‘lgan so‘z shu edi: O‘qi, Iqro. Bir dinning ilk amri o‘qish edi. Rivoyat qilinishicha, Badr jangidan so‘ng, o‘qish-yozishni biladigan asirlar musulmon bolalariga o‘qishni o‘rgatish sharti bilan ozod qilingan. Ularning to‘lovi (fidyasi) pul emas, balki harf bo‘lgan. Endi o‘ylab ko‘ring, ilk amri “O‘qi” bo‘lgan xalqning bolalari o‘zlari uchun yangi bir daftar topa olmayapti. So‘z muqaddas sanalgan an’anadan kelib chiqqan bolalar, to‘lib qolgan sahifalarning chetiga yozishmoqda. Bu shunchaki insoniy inqiroz emas, bu bir an’ananing yuragiga sanchilgan pichoqdir.
Xo‘sh, bunday sharoitda maktab haqiqatan ham biror narsani o‘zgartira oladimi? Braziliyalik ta’limshunos Paulo Freyre o‘z umrini shu savolga bag‘ishladi. Ta’lim, deydi u, yo ezilgan inson mavjud tuzumga moslashishi uchun to‘ldiriladigan bo‘sh bir idishdir yoki insonning o‘z ovozini qaytarib olishi, dunyoni nomlash qudratini qayta qo‘lga kiritishidir. Mazlum uchun savodxonlik shunchaki bir malaka emas, u o‘g‘irlangan ovozning qaytarib olinishidir. O‘z ismini yoza olgan bola, “men borman” deya oladigan boladir. Davlat unga “sen yo‘qsan” deb turgan bir joyda, bolaning o‘z ismini yozishni o‘rganishi, kichik, biroq komil bir isyondir.
Va tarix bizga shuni pichirlaydi. Zamonaviy ta’limga asos solgan odamning o‘zi ham qochqin bo‘lgan. Yan Komenskiy o‘n yettinchi asrda, O‘ttiz yillik urush davrida o‘z yurtini, kutubxonasini, qo‘lyozmalarini yo‘qotdi. Uning butun umri surgunda, shaharma-shahar qochib o‘tdi. U ana shunday vayronagarchilik o‘rtasida, hamma uchun, har bir yosh va har bir til uchun universal ta’limni ishlab chiqdi. Parchalangan dunyoni ta’mirlashning yo‘li sifatida. Ya’ni, pedagogikaning otasi ham xuddi shu rohinja bolalaridek, o‘z uyi bo‘lmagan bir inson edi. Ta’lim, eng teran ma’noda, o‘z uyini yo‘qotgan insonlarning ixtirosidir. Chunki dunyoda tortib olinishi imkonsiz bo‘lgan yagona vatan boshning ichidagisidir.
Bolaning ongi savdolashiladigan o‘lja, ob’ekt emas. “Yo‘qotilgan avlod” atamasi bu bir majoz emas, bu bir qarordir. Mablag‘ni to‘xtatib qo‘yganlarning, e’tiborini boshqa tomonga qaratganlarning va “buni keyin hal qilamiz” deydiganlarning chiqargan qaroridir. Siyosiy muammo hal etilguniga qadar bola kutib turolmaydi, chunki bolalik kutmaydi. Va ularning vatanga qaytishi qanchalik noaniq bo‘lmasin, o‘qishni o‘rgangan bola hech qanday sharoitda yutqazmaydi. Harflar o‘zi bilan olib yurish mumkin bo‘lgan yagona mulkdir. Chegaradan o‘tayotganda uni musodara qilib bo‘lmaydi.
Biz Bengal zaminidamiz va bu tuproqning Tagor degan bir shoiri bor edi. U bosh baland ko‘tarilgan, bilim emin-erkin oqadigan bir erkinlikni orzu qilgandi. U o‘z mamlakatining xuddi shunday davrga uyg‘onishini tilagandi. Bugun o‘sha zaminning o‘zida, brezent tomlar ostida, boshqa bir xalqning bolalari ayni shu narsaning eng kichik urug‘ini o‘zida tashib yuribdi. Davlat inson tanasini lagerga qamab qo‘yishi mumkin, lekin ongni qamab qo‘yolmaydi. U fuqarolikni rad etishi mumkin, biroq bolaning o‘z miyasida tuzgan jumlasini rad eta olmaydi. Shu o’rinda bir o‘qituvchini yodga olishimiz kerak. Polshalik ta’limshunos Yanush Korchak bir yetimxonani boshqarar edi. Natsistlar bolalarni o‘lim lageriga olib ketayotganda, unga “sen qolishing mumkin” deyishdi. U mashhur odam edi, qutulib qolishi ham mumkin edi. U buni rad etdi. U o‘z bolalari bilan poyezdga chiqdi, oxiriga qadar ularning yonida qoldi. Korchak qoldirib ketgan saboq shudir: o‘qituvchilik shunchaki kasb emas, u sadoqatdir. Koks-Bazardagi maoshi to‘xtatilganiga qaramay tekinga dars o‘tishda davom etayotgan o‘sha bir ming bir yuz yetmish to‘qqiz nafar ko‘ngilli o‘qituvchi ayni shu sadoqatning merosxo‘ridir. Davlat chekinadi, dunyo yuz o‘giradi, ammo o‘qituvchi qoladi.
Yana boshiga qaytaylik. Bola, to‘lib qolgan daftarning chekkasiga, boshqa bir davlatning tilida jumla yozyapti. Tomda musson yomg‘iri. U o‘zi umuman ko‘rmagan vatanga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu juda ayanchli ko‘rinishi mumkin. Aslida ham shunday. Biroq o‘sha qalamning uchida, hech kim tortib ololmaydigan bir narsa yaralmoqda. Yozishni o‘rgangan u qo‘l. U endi “men yo‘qman” degan jumlani aslo qabul qilmaydigan qo‘ldir. Insonning qo‘lidan har qanday vatanni tortib olish mumkin. Boshining ichidagisi bundan mustasno. Va bolaga o‘qishni o‘rgatish, unga hech bir davlat tortib ololmaydigan o‘sha yagona vatanni berish demakdir.
Abdukarim Mirzayev kundaliklaridan.



Komil bir isyon…
Bu iborani, ifodani shunday davom ettirgim keldi:
Daftarsiz vatanlilar;
Beayov qarorga ongli javoblar;
Zolim dunyoga - olim yondashuv;
Keskin to‘fon ichra nozik mavjudlik;
Majburiy yo‘qlikda bor bo‘lishga jur‘at, jasorat -bu!